O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni
Prezidentimizning 2024 yil 10 iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mamlakatimiz sud-huquq tizimida adolatni yanada yuzaga chiqarish, shu orqali hamyurtlarimizning huquq va erkinliklari himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur Farmon asosidagi eng muhim yangilik shuki, 2025 yil 1 yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi. Natijada tergov sudyalari jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasini ko‘rib chiqadi. Tergov sudyasi bergan sanksiyalar faqatgina viloyatlar va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya instansiyasida yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Bundan tashqari, tergov sudyalari ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘ladi. Ular ko‘rib chiqqan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar esa amaldagi tartib bo‘yicha yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, tergov sudyasi sanksiyalar va majburlov choralarini qo‘llash masalasini hal qiladi.
Shu o‘rinda tergov sudyasi ko‘rib chiqadigan sanksiyalar toifasiga e’tibor qaratsak. Ular qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish bilan bog‘liq, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, tintuv o‘tkazish, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomalardir.
Majburlov choralari esa ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish, ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish, ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish, prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomalardan iborat.
Tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi hamda faqat qonunga bo‘ysunadi. Unga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilish ta’qiqlanadi.
Tergov sudyalarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, shuningdek, sudyalar korpusini shakllantirish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Viloyatlar va unga tenglashtirilgan sudlar raislari tergov sudyasining tashkiliy faoliyatiga rahbarlik qiladi. Eng muhimi, qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlash tergov sudyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Sharof Rashidov tuman sudining raisi
Z.Xudayberdiev