“Odam savdosiga qarshi kurashish”
Odam savdosi - inson, uning sha’ni, qadr-qimmati, osoyishta turmushi hamda kelajagiga taxdid solayotgan transmilliy uyushgan jinoyatchilik ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, o‘zining chegara tanlamasligi hamda girdobiga asosan yoshlarni va ayollarni tortayotganligi bilan barchada katta tashvish va xavotir uyg‘otmoqda.
Insonni ulug‘lash, uning huquq va erkinligi himoyasini ta’minlash asosiy qadriyatga aylangan ushbu davrda bu mudhish illat noqonuniy qurol savdosi, giyohvandlik vositalarining g‘ayriqonuniy muomalasi kabi og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradi. Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati va huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar, ushbu qoida BMTning 1948 yilda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida, shuningdek, bir qator xalqaro huquqiy hujjatlarda hamda milliy qonunchilikda belgilab ko‘yilgan.
Odam savdosi esa insonning erkinligi, tengligi va shaxsiy daxlsizligiga putur yetkazadi, uni turli xo‘rlik va kamsitishlarga duchor etadi. Odam savdosi deb atalmish ushbu jinoiy faoliyat ortida majburiy mehnat, qullik, majburiy donorlik, harbiy to‘qnashuvlarda foydalanish, fohishabozlik bilan shug‘ullanishga majburlash kabi qabih qilmishlar mujassamdir. odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar o‘z "kirdikorlar"ini yashirish maq-sadida bunday savdoning qurboniga aylanayotgan shaxslarni imkon qadar e’tibordan chetda tutishga harakat qiladilar. Avvalo, buning uchun odamlarni xorijga noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqishga, pasport va shaxsiy hujjatlarini qalbakilash-tirishga urinadilar. Bu holat esa noqonuniy migratsiya salmog‘ining ortishiga, muayyan davlat hududiga noqonuniy kirib kelganlar sonining ortib, iqtisodiy, demografik va kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga, shuningdek, xorijga chiqish va muayyan davlat hududida bo‘lish qoidalarining buzilishiga olib keladi.
O‘zbekiston odam savdosiga qarshi kurashishga oid qator xalqaro hujjatlarni, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiyasini, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Konvensiyasini to‘ldiruvchi “Odam savdosi, ayniqsa ayollar va bolalar savdosini oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqidagi Protokol”ni ratifikatsiya qildi, «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida» Qonun qabul qildi va xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga doir tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan.
Odam savdosiga oid qonunchilikni qo‘llashda masalalar yuzaga kelayotganligi munosabati bilan hamda bu toifadagi ishlar bo‘yicha yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qarorida Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, O‘zbekiston Respublikasida eng oliy qadriyat inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa tabiiy huquqlari bo‘lib, ularni ta’minlash Konstitutsiya bilan kafolatlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi Odam savdosi, ya’ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish, ushbu toifadagi jinoyatlarni sodir qilgan har bir aqli raso shaxs qonunda belgilangan tartibda jazoga tortilishi qat’iy belgilangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Sharof Rashidov tuman sudi raisi v.v.b K.Alovov