Viloyatimizda faoliyat olib borayotgan OAV vakillari dastlab “Hududgaz Jizzax” gaz taʼminoti filialiga tashrif buyurishdi. Shu yerda filial rahbari Baxtiyor Obruyev kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida bajarilgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi.
Mavsumga tayyorgarlik koʻrish doirasida ishlab chiqilgan chora- tadbirlarga muvofiq 14,4 km gaz tarmoqlari taʼmirlanib, viloyat boʻyicha 28,8 km yangi gaz tarmoqlari qurilgan.
30 ta gaz taqsimlash punktlari mukammal taʼmirlanib, 4414 tasi texnik taftishdan oʻtkazildi. 242,5 km yer osti gaz quvurlari holatini tekshirilib, 221 km qismi tartibga keltirildi.
2024-yilda 75,3 mingta xonadonga 35,6 minta gaz bosim rostlagichlar (regulyator) oʻrnatildi. Hududlarda 1198 ta gaz taqsimlash punkti demontaj qilindi hamda texnologik yoʻqotishlar 359,4 ming kub metrga qisqartirildi.
Yuqoridagi tadbirlar toʻliq bajarilishi natijasida kuz-qish mavsumida 34,2 mingdan ortiq aholi xonadon gaz taʼminotini yaxshilashga erishildi.
Bundan tashqari, Jizzax shahri, Sh.Rashidov, Gʻallaorol, Baxmal, Arnasoy, Zafarobod, Zomin, Dashtabod, Yangiobod, Forish tumanlaridagi 26 ta mahallalarning gaz taʼminotini yaxshilash maqsadida qoʻshimcha ravishda 28,8 km gaz quvurlari mukammal taʼmirlanib, rekonstruksiya qilindi.
Tungi navbatchilikda 14 ta brigadalar maxsus avtotransport va himoya vositalari bilan taʼminlandi hamda 14 ta gaz payvandlash apparatlari shay holatga keltirildi. Avariya-tiklash xizmatlari uchun 912 metr turli diametrdagi gaz quvurlari, 23 dona zulfinlar, 46 ming ta joʻmraklar, 28 ta manometrlar hamda 165 kg karbid, 48 kg moylash materiallari zahiralari yaratildi.
Viloyatdagi mavjud 5.9 ming km gaz tarmoqlari mavsumiga toʻliq tayyor hamda gazni isteʼmolchilarga oʻz vaqtida, yetarli bosimda va hajmda yetkazib berish boʻyicha strategik xarakatlar belgilab olindi. Isteʼmollari uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida, 24/7 ish rejimda “Call-markaz” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kundagi gazga boʻlgan talab va ehtiyojdan kelib chiqib, kelgusi kuz-qish mavsumida isteʼmolchilarni tabiiy va suyultirilgan gaz bilan barqaror taʼminlash boʻyicha har tomonlama va puxta tayyorgarlik koʻrilgan.
Press-tur davomida jurnalistlar “Hududgaz Jizzax” gaz taʼminoti filialida tashkil etilgan dispetcherlik xizmati faoliyati, Jizzax shahrining Navroʻz, Bunyod, Sangzor, Bogʻishamol mahallalardia olib borilayotgan gaz taqsimlash punktlarini texnik koʻrikdan oʻtkazish, Jizzax shahrining Bogʻishamol mahallasi, O.Azimov koʻchasidagi gaz taqsimlash punktini yangisiga almashtirish jarayonlariga oʻz koʻzlari bilan guvoh boʻlishdi. Yangi gaz taqsimlash punktinining oʻrnatilishi va tizimga ulanishi natijasida 300 ta xonadon toʻliq zangori olovdan bahramand boʻldi.
Viloyat hokimining tashabbusi bilan kuz-qish mavsumini betalofat oʻtkazish maqsadida viloyat, shahar va tumanlar shtablari tashkil qilingan. Hozirgi kunda shtab 24 soat ish rejimida ishlamoqda. OAV vakillarining navbatdagi manzili viloyatda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va koʻp kvartirali uy-joy fondini 2024-2025-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha viloyat shtabi joylashgan viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjalik bosh boshqarmasi binosi boʻldi.
Bu yerda OAV vakillarining qiziqtirgan savollariga viloyat qurilish va kommunal xoʻjalik bosh boshqarmasi oʻrinbosari Mirzasulton Bobobekov javob berdi. Joriy yilning sentyabr oyidan 24 ta viloyat korxona va tashkilotlarining mutaxassislaridan tarkib topgan shtab kunu tun aholi murojaatlari bilan ishlayapti. Har bir fuqarolarning eletkr, tabiiy gaz, ichimlik va oqava suv, isitish tizimlariga doir murojaatlari qabul qilinib, hududlar kesimida choralar koʻrish uchun yoʻnaltirilmoqda.
Bu yilgi yangiliklardan biri barcha shahar va tumanlarda tashkil etilgan shtablar bilan viloyat shtabi oʻrtasida onlayn aloqa oʻrnatilganligi boʻldi. Bu esa tegishli masala va muammolarni tezkorlik va holislik bilan hal etish imkoniyatini yaratdi.
Press-tur ishtirokchilari Jizzax shahridagi Ittifoq mahallasida yangidan barpo etilgan qozonxona faoliyati bilan tanishdilar. Yangi qurilgan RK-8-sonli qozonxonada 6 ta KVA-1500 rusumli qozonlar oʻrnatilgan boʻlib, zamonaviy, tejamkor texnologiyalar bois endilikda tabiiy gaz sarfi soatiga 280 m3 ni tashkil etmoqda.
Yaʼni soatiga 820 metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinmoqda. Mavjud RK-1 sonli qozonxonada ilgari nasoslar soatiga 250 kVt elektr energiyasini sarflagan boʻlsa, yangi qozonxonaga oʻrnatilgan nasoslar soatiga 22 kVt elektr energiyasini sarflamoqda.
Bu soatiga 222 kVt energiya tejalmoqda deganidir. Issiqlik taʼminotida ilgʻor, tejamkor sanalgan Italiya, Rossiyadan keltirilgan texnologiya sabab bir oyda 1,1 mln. metr kub tabiiy gaz ham tejab qolinadi.
Qozonxonaga 4 ta 1,5 MVt va 2 ta 3 MVt, jami 12 MVtlik qozonlar hamda foydali ish koeffitsenti yuqori boʻlgan zamonaviy energiya tejovchi gorelkalar oʻrnatilgan. Eskirgan tarmoq Rossiya Federatsiyasidan keltirilgan 5,1 km. zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi yuqori boʻlgan quvurlarga almashtirildi.
Shuningdek, press-tur davomida jurnalistlar “Jizzaxshahargaz” gaz taʼminoti boʻlimining oʻquv-amaliyot markazi faoliyatida yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdilar.