Prezident 9 fevral kuni «Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunni imzoladi.
Qonun bilan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:
Qonunning 15-moddasi yangi tahrirda bayon etildi va unga ko‘ra, nogironlik pensiyalari Chernobil AESdagi avariya tufayli mayib bo‘lish yoki kasallik oqibatida III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar deb topilgan shaxslarga ham tayinlanadi;
- 19-modda uchinchi qismining «a» bandi ham yangi tahrirda bayon etildi. Endilikda, mehnatga qobiliyatsiz a’zolarga bolalar, aka-ukalar, opa-singillar va nabiralar ham kiradi, agar ular 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki 18 yoshdan katta bo‘lsa yoxud 18 yoshga to‘lguniga qadar nogironligi bor bola bo‘lib qolgan bo‘lsa. Ilgari, bu 16 yosh deb belgilangan edi.
- 19-moddaning to‘rtinchi qismiga o‘zgartirish kiritildi. U shundan iboratki, o‘quvchilar bilan birgalikda, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini ta’lim tashkilotlarining talabalari ham o‘qishning butun davri davomida, biroq 23 yoshga to‘lguniga qadar olish huquqiga ega bo‘ladi;
- 37-modda «j» bandining yangi tahririga ko‘ra, bola 3 yoshga to‘lguncha bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqti, lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan 6 yilni tashkil qiladigan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanadi. Oldingi tahririda, bu muddat jami bo‘lib 3 yilni tashkil qilgan.