Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni haqiqiy emas deb topish
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni haqiqiy emas deb topish
Ta’kidlash joizki, protsessual qonun hujjatlarida idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha nizolashish ishlarini sudda ko‘rib chiqish uchun maxsus huquqiy tartibni mavjudligi O‘zbekiston sud tizimining ma’lum bir yutug‘idir.
Jumladan, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning haqiqiy emas deb topish.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksida alohida 22-bobida belgilangan.
Mazkur bobda ushbu ishni ko‘rib chiqishning maxsus tartibotlari belgilangan, Lekin, bizningcha bu tartibotlar yetarli emas.
Maqolada idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish umumiy va maxsus tartibotlari o‘rtasidagi farqlaridan kelib chiqib, ish yuritishning ayrim muammoli jihatlariga to‘htalib o‘tmoqchiman.
Birinchi navbatda ish yuritishda ishtirok etuvchi shaxslarga e’tibor qaratsak, MSIYtKning 38-moddasiga ko‘ra, taraflar, uchinchi shaxslar, prokuror, davlat organlari va boshqa shaxslar o‘z zimmalariga yuklatilgan vakolatlarga ko‘ra ishda ishtirok etuvchi shaxslardir, MSIYtKning
40-moddasiga ko‘ra, arizachi va javobgar ma’muriy sud ishlarini yuritishdagi taraflardir.
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ishlarda arizachi o‘ziga nisbatan idoraviy normativ-huquqiy hujjatning amal qilishi tatbiq etiladigan fuqaro yoki yuridik shaxs hisoblanadi.
Javobgar esa ushbu hujjatni qabul qilgan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralardir, mazkur holda hujjatni qabul qilgan organni aniqlash muammo emas, lekin, o‘ziga nisbatan idoraviy normativ-huquqiy hujjatning amal qilishi tatbiq etiladigan fuqaro yoki yuridik shaxs doirasini aniqlash munozarali masaladir.
Ma’lumki, idoraviy normativ-huquqiy hujjat sub’ektlarning aniqlanmagan doirasi bilan munosabatlarni tartibga soladi.
Ya’ni, idoraviy normativ-huquqiy hujjat vazirlik, davlat qo‘mitasi va idora tomonidan belgilangan tarzda qabul qilingan, umum majburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatdir.
Idoraviy normativ-huquqiy hujjat umum majburiy xususiyatga egadir.
Bu degani ushbu hujjat amal qiluvchi shaxslar doirasi cheklanmagan.
Shunday qilib, noqonuniy hujjatlar noma’lum miqdordagi fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari va manfaatlariga dahl qilishi mumkin.
Shu munosabat bilan savol tug‘iladi: murojaat qilingan barcha fuqarolar va yuridik shaxslar bunday hujjatning mazmuni bo‘yicha huquqiy nizoning ishtirokchilari deb hisoblanishi mumkinmi yoki buning uchun muayyan qo‘shimcha shartlar kerakmi?
Fuqarolar va yuridik shaxslarning ishtirokini aniqlash ko‘p jihatdan ushbu masalani hal qilishga bog‘liq.
V.A.Kirsanovning fikriga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjat bo‘yicha nizolashishda huquqi buzilishi mumkin bo‘lgan barcha sub’ektlarni jalb etish bir qator protsessual muammolarni keltirib chiqaradi.
Ishda ishtirok etadigan shaxslar faqat to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki vakil orqali ishtirok etgan shaxslar sifatida tan olinishi kerak.
Ushbu olimning fikriga qo‘shilish mumkin, сhunki, agarda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha nizolashish to‘g‘risidagi ishlarda huquqi buzilishi mumkin bo‘lgan shaxslarni ham ishga taraf sifatida jalb etilsa, sud protsessini murakkablashtiradi.
Idoraviy normativ-huquqiy hujjat juda keng doiradagi odamlarning manfaatlariga ta’sir ko‘rsatishini hisobga olsak, bunday murojaat qiluvchilar soni juda katta bo‘lishi mumkin va shuning uchun Jamiyat va innovatsiyalar – ishda ishtirok etuvchilar sonini cheklash zarurati tug‘iladi.
“Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida sud O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarida, inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarda e’lon qilingan fuqarolarning huquq va erkinliklarini, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilishga da’vat etilgan.
Sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgandir.
Bu degani sud jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ta’minlovchi davlat hokimiyat organidir, sud huquqi buzilgan shaxs bilan bir qatorda buzilishi xavfi bo‘lgan shaxs huquqilarini ham himoya qilishi lozim.
Shu nuqtai nazardan, nizoli idoraviy normativ-huquqiy hujjatning ta’siri noma’lum doiralar manfaatlariga ta’sir qilishini hisobga olsak, sud tartibida ariza beruvchi deb ataladigan boshqa shaxslarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilgan sub’ektlarning alohida guruhini ajratishning hojati yo‘q.
Shuning uchun ham bizningcha, MSIYtKning 179-moddasiga belgilangan “o‘ziga nisbatan idoraviy normativ-huquqiy hujjatning amal qilishi tatbiq etiladigan fuqaro yoki yuridik shaxs” deganda, idoraviy normativ-huquqiy hujjat orqali uning qonunlarda belgilngan huquq va erkinliklari buzilgan yoki buzilishi xavfi bo‘lgan shaxsni tushunish lozim.
Lekin, mazkur holatdagi yana bir muammo huquqi buzilgan shaxslar sudga shikoyat qilgan shaxsning faqat o‘zi bo‘lmasligi mumkin. Shu munosabat bilan, protsessual qonun hujjatlarida sudga tayyorgarlik bosqichida huquqi buzilgan boshqa shaxslarni ham sudga chaqirish bo‘yicha maxsus qoidani kiritish maqsadga muvofiqdir. Bu esa ishni ommaviy tartibda e’lon qilish ehtiyojini yuzaga keltiradi.
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning haqiqiy emas deb to‘g‘risidagi ishlarda ishda ishtirok etuvchi yana bir muhim ishtirokchilardan biri O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining “Ma’muriy ishlarni ko‘rishda birinchi instansiya sudi tomonidan protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi plenum qaroriga ko‘ra, sud idoraviy normativ-huquqiy hujjat yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishni hal etishda uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan organ — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligini javobgar sifatida jalb qilishi lozim.
Jizzax tumanlararo
ma’muriy sudi sudyasi A.Karajanov